Kontent qismiga oʻtish

Al-Mufaddal ad-Dabbiy

Vikipediya, erkin ensiklopediya
al-Mufaddal ad-Dabbiy
Tavalludi 718
Vafoti taxminan 780–787
Kasbi Filolog, shoir
Ijod qilgan tillari Arab tili
Fuqaroligi Arab
Tanlangan asarlari Mufaddaliyot

Al-Mufaddal ibn Muhammad ibn Yala ibn Amir ibn Salim ibn ar-Rammal ad-Dabbiy (arabcha: المُفَضَّل الضَّبِي‎; taxminan 780–787-yillarda vafot etgan) — Kufa maktabiga mansub arab filologi[1].

Al-Mufaddal ilk hamda islomdan avvalgi arab sheʼriyati va rivoyatlarni toʻplagan mashhur jamlovchi hisonlanmish Hammad ar-Roviya hamda Halaf al-Ahmar bilan zamondosh boʻlgan va arablarning sheʼriy merosini tizimli ravishda asrab qolishga bel bogʻlagan ilk olim Abu Amr ibn al-Alodan birmuncha yoshroq edi. U Abu Ubayda va al-Asmoiydan qariyb ellik yil oldin vafot etgan. Al-Mufaddalning antologiyasi esa Abu Tammomning Hamasah asarini tuzishidan ellik-oltmish yil avval jamlangan.

Al-Mufaddalning tugʻilgan yili aniq nomaʼlum, biroq uning otasi musulmonlarning Forsni zabt etishi boʻyicha nufuzli bilimdon boʻlgan va Al-Mufaddal ham oʻsha hududda tugʻilgan, deb taxmin qilinadi[1].

Al-Mufaddal Umaviylar sulolasi xalifalari davrida uzoq yillar yashagan, toki ular 750-yilda Abbosiylar inqilobi natijasida agʻdarilguniga qadar. 762-yilda u aliy Ibrohim ibn Abdulloh boshchiligidagi, „Pok ruh“ deb atalgan qoʻzgʻolonda xalifa Abu Jafar al-Mansurga qarshi qatnashgan va Ibrohim magʻlub boʻlib halok boʻlgach, qamoqqa tashlangan[1]. Biroq al-Mansur Dabba qabilasidan boʻlgan qabiladoshi Musayyab ibn Zuhayrning shafoati bilan uni afv etib, uni oʻgʻli keyinchalik xalifa Al-Mahdiyga adabiyotdan ustoz etib tayinlagan[1]. Aynan shu shahzoda uchun al-Mansurning undovi bilan al-Mufaddal Mufaddaliyotni tuzgan.

Al-Mufaddalning vafot sanasini aniq belgilash qiyin boʻlib chiqqan. Encyclopedia of Arabic Literature unda u 780-yil atrofida vafot etganini qayd etadi[2], biroq 781–787-yillar oraligʻi ham ehtimol sifatida keltiriladi[3].

Al-Mufaddal matnlar hamda rivoyatlarni nihoyatda sinchkov va ishonchli toʻplovchi boʻlgan; arab tarixi va adabiyoti boʻyicha barcha manbalarda u bu jihatdan Hammod va Halafdan ancha ustun, deb maqtaladi. Ular (ayniqsa ikkinchisi) qadimgilar uslubida sheʼrlarni vijdonsizlarcha toʻqib chiqarishda ayblangan[1]. U Kufalik boʻlib, Kufa 638-yilda xalifa Umar tomonidan keng Mesopotamiya tekisligini nazorat qilish uchun barpo etilgan ikki yirik harbiy koloniyaning shimolrogʻi edi. Kufa va Basrada Islom imperiyasining jangovar kuchini tashkil etgan barcha Arabiston yarim oroli qabilalarining vakillari jamlangan edi. Shulardan al-Mufaddal ajdodlarining omadlari va qahramonliklarini ulugʻlagan shoirlarning asarlarini toʻplash va yozib olish imkoniga ega boʻlgan. U, shubhasiz, al-Asmoiy va Abu Ubayda kabi, qoʻshni sahroda qabilalar yaylov-qoʻnim qiladigan hududlarni ham oʻzi kezib chiqqan. Kufa yaqinida esa al-Hira (Laxmiylar qirolligi podshohlari qadimgi poytaxti) joylashgan boʻlib, u islomdan avvalgi Arabistondagi eng mashhur saroy markazi edi. Paygʻambar daʼvati boshlanishidan oldingi asrda yarimorolning shimoliy yarmidan shoirlar u yerga tez-tez yigʻiladigan. Hatto shunday rivoyat ham bor: soʻnggi Laxmid podshoh An-Numon III ibn al-Munzir xonadonida yozma toʻplam (Devon) boʻlgan. Unda johiliya davrining fuhuli, yaʼni eng nufuzli shoirlarining, ayniqsa sulola amirlarini madh etganlarning bir qancha sheʼrlari jamlangan. Bu toʻplam keyinchalik Marvon xonadonidan boʻlgan Umaviylar xalifalari qoʻliga oʻtgan. Rivoyat rost boʻlsa, al-Mufaddal ehtimol undan foydalanish imkoniga ega boʻlgan.

U vafot etgach, al-Mufaddalning shogirdlari uning nomidan mashhur antologiyasini tartibga solib, nashr ettirishgan[3].